Ijtimoiy tarmoq xuddi nafas olishdek muhim
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotimizni tasavvur qilish mushkul. Shunchaki chiroq o'chib qolganda qanday ahvolga tushishimizni fikr qilib ko'rishni o'zi haqiqatlarni yuzaga chiqaradi - zerikish, charchoq, nima qilishni bilmaslik, stress va hokazo. Bir necha yillar oldin Youtubeda 'Look Up' nomli videoni ko'rgan edim. Videoni ko'rganimdan so'ng hech qanday reaksiya ham bildirmagan edim, shunchaki video deb qabul qilgan edim. Qani edi o'shanda oz bo'lsa ham fikrlay olganimda...Balkim hozir hayotim yana ham yaxshiroq holatda bo'lishi mumkin edi
Ijtimoiy tarmoqlardan to'liq voz kechish shart emas
Odatda ijtimoiy tarmoqlarni tanqid qilsam ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz kechib bo'lmasligini takror-takror aytishadi va bu to'g'ri. Ba'zida ijtimoiy tarmoqlarni o'z xohishimiz bilan emas, balki majburligimizdan ham ishlatishimiz mumkin, masalan, ishxona, o'qish, oila va hokazo. O'zbekistonda-ku, gapirmasa ham bo'ladi - hattoki insonlar o'z shaxsiy parollari, hujjatlari yokida boshqa turdagi shaxsiy ma'lumotlarini ham Telegramda saqlashadi, kompaniyalar, maktablar-u universitetlar, istalgan tashkilot deysizmi, farqi yo'q bari Telegramda muloqot qiladi. Aytmoqchi bo'lganim, siz xohlamasangiz ham sizni ijtimoiy tarmoq ishlatishga majburlashadi. Va afsuski, biz ijtimoiy tarmoqlar girdobiga cho'kib ketamiz. Nafas olish qanchalik kerak bo'lsa, ijtimoiy tarmoqlar ham hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qoladi. Lekin noumid bo'lmaslik kerak, chunki vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishni albatta iloji bor. Biz ijtimoiy tarmoqlarni ishlatish yoki ishlatmaslikni tanlay olmasligimiz mumkin, lekin ijtimoiy tarmoqlarning bizga beradigan ta'sirini o'zgartira olamiz. O'zimizga kerakli qismidan foyda olib, bizga zarar beradigan qismidan o'zimizni asraymiz. Buni qanday amalga oshiramiz? Keling men siz bilan ba'zi shaxsan o'zim foydali deb topgan strategiyalar haqida aytib beraman
1-strategiya: Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish darajangizni aniqlab, tashxis qo'ying
Hozirda siz ishlatadigan istalgan turdagi ijtimoiy tarmoqlarni ro'yxatini yozib chiqing. So'ngra, nima uchun ularni ishlatishingiz kerakligini yozing. Misol uchun, siz Instagramni boshqa yurtlarda safar qilib yurgan do'stlaringiz, yaqinlaringiz bilan muloqot uchun ishlatishingiz mumkin. Endi navbatdagi savol shuki, Instagram ushbu maqsadni qondirish uchun eng to'g'ri yechimmi yoki yo'q? Balki Instagramdan ko'ra qulayroq va zarari kamroq bo'lgan usullar bordir, masalan Skype yoki Zoom. Har bir ijtimoiy tarmoqni ushbu kriteriyalar bo'yicha baholab chiqing. Har bir ijtimoiy tarmoqdan o'zingizga kerak bo'lgan joyini topganingizdan so'ng, kerak bo'lmagan joyini "chopasiz". Masalan men StayFree ilovasi orqali buni quyidagicha amalga oshiraman:
- Instagramda Explore, Reels, Stories kabi funksionalliklarni butunlay bloklab tashlayman
- Youtubeni butunlay bloklayman va faqatgina 4-5ta kerak bo'lgan kanallarga kirishni mumkin deb belgilab qo'yaman
- Shunchaki vaqt o'tqazish uchun ishlatadigan ijtimoiy tarmoqlarni (Tvitter, Reddit va hatto LinkedIn) butunlay bloklayman va ularga kira olmasligimni ta'minlayman
- Bundan tashqari bir qancha foydali funksionallikar bor, ilova vebsaytini ko'rib chiqishingiz mumkin
2-strategiya: Ijtimoiy tarmoqlarni yagona sabab uchun ishlating
Avval ta'kidlaganimdek, ba'zida ijtimoiy tarmoqlarni ish, o'qish, oila uchun ishlatishga to'g'ri kelib qoladi. Ammo, ko'p uchraydigan xatolardan biri bularni barchasini bitta akkauntdan amalga oshirish. Oldinlari Telegramda ish, o'qish, oila, do'stlar bilan aloqador barcha guruhlar, kanallar-u chatlar bir joyda jamlangan edi. Ishda o'tirganimda qaysidur hamkasbimga biron narsa yozaman deb Telegramga kirsam 80 xil xabar kelgan bo'lar edi, juda chalg'ib ketar edim. Keyin esa ish uchun alohida akkaunt ochdim va ishga aloqador barcha guruh, kanal, chatlarni olib chiqdim. Hayot juda go'zal - Telegramga kirsam ham ortiqcha chalg'imayman, faqat ishga oid sabablar tufayli kuniga 4-5 marta kiraman xolos. Nafaqat Telegram, balki o'zim sevib ishlatadigan Notion da ham 3 xil akkauntim bor:
- Shaxsiy qaydlar uchun
- Ishga tegishli qaydlar uchun
- Universitetdagi faoliyatimga tegishli qaydlar uchun Hayotimda eng qilgan to'g'ri qarorlarimdan biri deb bemalol ayta olaman
3-strategiya: Ijtimoiy tarmoqlarni turli xil mashg'ulotlar bilan almashtiring
1-strategiya orqali o'zingizga tashxis qo'ygan bo'lsangiz, katta ehtimol bilan siz qaysidur ijtimoiy tarmoqlarni shunchaki zerikkaningizdan ishlatasiz, sizga foyda olib kelmaydi, shunchaki o'rganib qolgansiz va qutula olmayabsiz. Buni yengish uchun qiyin lekin uchun foydali bo'lgan o'zingizga yoqadigan mashg'ulotlar bilan shug'ullaning:
- kitoblar, maqolalar o'qish (qog'oz formatda, elektron formatda emas!)
- shaxmat
- futbol, basketbol, gandbol, beysbol, tennis va hokazo
- duradgorlik
- naqqoshlik
- gitara, pianino, skripka va hokazolarni chalishni o'rganish Maqsad shuki, qachonki ijtimoiy tarmoqlarga kirmoqchi bo'lsangiz, kirmaysiz va o'rniga o'zingiz yoqtiradigan mashg'ulotlarni bajarasiz. Masalan men quyidagi odatlarni shakllantirishga harakat qilyapman:
- avtobus, metro, taksida yurganimda, turli xil joylarda navbatda turganimda qo'limda telefon emas, kitob bo'ladi. Zerikishni kitob o'qish bilan yengaman
- ovqatlanayotganimda Youtubeda videolar ko'rgim kelib qoladi, bunda ham kitoblarga murojaat qilaman
- singlim bilan do'konga chiqqanimizda singlim juda uzoq do'kon aylanadi, u do'kon aylanguncha yana bir necha sahifa kitob o'qishga ulguraman Maqsadim shuki, zerikishni ijtimoiy tarmoq bilan emas, kitob o'qish bilan yengish.
4-strategiya: Atrofingizga e'tiborliroq bo'ling
Taxminan bir yarim yildan beri oilam bilan biron joyga borsak, yokida oddiy ko'chaga biron sabab bilan chiqsak, 99% holatda telefonim uyda qoladi. Oilam bilan birga o'tirganimizda, boshim egilgan holatda emas, tik turgan holatda bo'ladi. Ko'zlarim ekranda emas, yaqinlarimda bo'ladi. Ishoning, bu juda ham ajoyib tuyg'u. Buni faqat his qilib ko'rganda bilasiz
Xulosa
Bugungi yozganlarim ancha betartib bo'ldi chunki bu gaplarni yozaman deb o'ylamagan, reja qilmagan edim. Lekin qayerdandur ilhom kelib qoldi. So'nggi so'zim shuki, boshingizni ko'taring, ko'zlaringiz virtual dunyoni emas, haqiqiy dunyoni ko'rsin, zavqlansin. Vaqtimizni qadrlaylik!